
Alisher Navoiy korpusi

502
Ichimdagi yoshurun g'amki, ayta olmasmen,
Bir o't solur manga har damki, ayta olmasmen.
G'amiki, o'lsam emas ayta olmag'i mumkin.
Agarchi o'lturur ul hamki, ayta olmasmen.
Desamki, dardini dey, ishqi ilgi bo'g'zumni
Tutar aning kibi mahkamki, ayta olmasmen.
Ne nukta ishqdin aytay desam, meni ul sho'x
Qilur aning kibi mulzamki, ayta olmasmen.
G'aming nihon meni o'lturdi zulm tig'i bila,
Erur bukun manga motamki, ayta olmasmen.
Ketur piyolaki, ish sirrini hakimi azal
Aningdek ayladi mubhamki, ayta olmasmen.
Navoiy aytsun o'z dardiniki, dard meni
Qilibtur ul sifat abkamki, ayta olmasmen.