Alisher Navoiy korpusi

510

Xating ermas, gul uzra sabzai bog'i Eramdur bu,

Ne sabza, kun yuzida nun savodidin raqamdur bu.

Gar ohim shu'lasi o'tti quyoshtin, tong yo'q, ey mahvash,

Sen ahli husn aro shahlig' uchun chekkan alamdur bu.

Latofat so'yidin to'lmish zanaxdoning chahi go'yo,

Tarashshux aylagan kun chashmasidin barcha namdur bu.

Jafo dog'in qo'yibkim jonim olding, asrasam, tong yo'q,

Nihon ko'ksum arokim, jon berib topqan diramdur bu.

Ilojimdin bo'lub ojiz dedilar hikmat ahlikim,

G'aribu xasta yo'qkim, oshiqu devona hamdur bu.

Butekim kuch bila chekti boshimni sajdag'a emdi,

Vafodin bosh chekar, ko'rgilki, ne sarkash sanamdur bu.

Olib din naqdi piri dayrkim, qildi meni sarxush,

Ko'rung, oxir ne kamlik o'trusida ne karamdur bu.

Qadah davrini xush tut, charx javrin boqma, ey soqiy

Ki ul tutqoch vujud, albatta, bilkim kal'adamdur bu.

Navoiy, g'ofil o'lma, ul sanamning qasrin aylansang,

Samad zikrini mazkur aylakim, tavfi haramdur bu.

  • Semantik izoh: