
Alisher Navoiy korpusi

526
But ollida chu sujud aylagum ichib boda,
Diram yo'q ersa, garav xirqa birla sajjoda.
Uchurdi aqlim o'tin, balki yiqti dinim uyin,
Ne angladimki, ne sayli balo emish boda.
Agarchi dayrda usruk yiqildim, ammo shukr
Ki, bore mug'bacha ko'yida bo'ldum aftoda.
Etishmagay mayi vahdat furug'i bo'lmag'ucha,
Zamir shishasi soqiy uzoridek soda.
Chu zuhd keldi riyoyu yo'q odamida vafo,
Ne bo'ldi tutsa manga boda bir pariyzoda.
Qilur mubolag'a ko'p ishqu boda tarkida shayx,
Meni ham istar o'zi yanglig' aylagay loda.
Navoiy, o'lg'il iki kun maylidin ozod
Ki do'st g'ayrig'a bo'lmas muqayyad ozoda.