Alisher Navoiy korpusi

531

Sen qora par boshing uzra, ko'rguzub men dudi oh,

Bu mening o'tumdin, ul sarkashligingdindur guvoh.

Xo'blar anjum, sen ul xayl ichra mehri anjuman,

Mehrni sulton desam yo'q aybu anjumni – sipoh.

Egma qad birla tutub ko'ksum shikofin kelmisham

Xanjari ishqing bila darding yukiga uzrxoh.

O'lgum erdi gah-gahi yodingdin o'lsam erdi mahv,

Emdi jon aylab fido, yodingg'a kirmon goh-goh.

Baski boshimg'a yog'ar atfol toshi, ey pariy,

Qilg'ali qasdim junun xayli ul-o'qdur shohroh,

Xonaqahda o'zluk ahvoli yetibdur jonima,

Yo'q ajab, gar istasam dayri fano sari panoh.

Dayr piri soqiyu may birla tirguzdi meni,

Huru kavsar hasratidin o'ldi shayxi xonaqoh.

Bo'ynuma zunnor bog'lab kelmisham, ey mug'bacha,

Gar riyoyi subhadin bo'ynumda bor edi gunoh.

Ey Navoiy, hasrat ohi birla o'lgum hajr aro,

Yor vasli yetmasa faryodima, vo hasratoh.

  • Semantik izoh: