
Alisher Navoiy korpusi

534
O'zgalar bog'indadur navras niholim bu kecha,
Tongg'a tegru o'zgadur har lahza holim bu kecha,
Hajr dashtida yuz o'tluq vodiyu har dam meni
O'zga vodiyg'a solur, vahkim, xayolim bu kecha.
So'rma ko'nglum holini, bedod ila o'lturgusi,
O'zin ul devonai bee'tidolim bu kecha.
Barcha bir-birdin sovurmoq biymidur, nekim o'tar,
Anjumu aflok birla qiylu qolim bu kecha.
Yuz quyosh qilsa tulu', ermas yorug'luq yetkudek,
Andoq etmish tiyra olamni malolim bu kecha.
Buylakim, har dam urarmen jong'a yuz tig'i halok,
Tongg'acha, vah, to qayon yetkay maolim bu kecha.
Ey ajal, jonim fidong o'lsunki, botroq et xalos.
Chun ko'runmaydur tirilmak ehtimolim bu kecha.
To qiyomat subh toli' bo'lmasun emdiki, bor
Hashr subhi sori mayli intiqolim bu kecha.
Ey Navoiy, har ne zulmikim qilib erdi xayol,
Barchani jonimg'a qildi charxi zolim bu kecha.