Alisher Navoiy korpusi

543

Za'fdin ingrong'onim elning fig'oni zoricha,

Har damim ishq ahlining bir ohi otashboricha.

Mehri ruxsorida ne qoshdur, ne ko'z, ne xat, ne xol,

Vah, desa bo'lg'aymu ani mahvashim ruxsoricha.

Nuqtai mavhumni yuz qism farz etsang birin,

Desa bo'lmas bor aning yo'q og'zining miqdoricha.

Gul yuzungdin qatra ter har yerda tomsa, ul sudin

Charx ul yerni yasay olur Eram gulzoricha.

Dayr ko'yi sokinimenkim, bu zangori sipehr

Rif'at ichra ermas aning kulbai xammoricha.

Bo'ldi mug' dayrida xirqamning chubulg'on iplari

Har biri kufr ahlig'a bir barhaman zunnoricha.

Dayr piri ne ajab, gardunni sog'ar aylamak,

Va'da chun qilmishki, bergay boda maylim boricha.

Faqr atvorida yo chiqmaq kerak ofoqdin,

Yo kerak tuzlanmak ofoq ahlining atvoricha.

Ey Navoiy, ayladim har ko'y aro sayru suluk,

Kelmadi ollimg'a ishq oyinining dushvoricha.

  • Semantik izoh: