Alisher Navoiy korpusi

558

Dardlar ko'nglumga yuzlansun, balolar jonima,

Gar ikkisin istamas bo'lsam fido jononima.

Har jihatdin o'rtanurmenkim, bag'ir birla yurak

Ikki o'tdurlarki, tushmishdurlar ikki yonima.

Aksini ko'rgay qizil kisvat aro jalloddek,

Qatl vaqti nogahon nazzora qilsa qonima.

Ko'rmagaylar bir-birin yog'qon mazallat gardidin,

Kirsalar Farhod ila Majnun dame vayronima.

Topqasen charxe nujumi muhtariq, qilsang nazar

Toza yuz ming dog' birla jismi sargardonima.

Siflag'a jon o'ynasang mehnat zamone tonimas,

Dahr eli bu nav' erur, sen ham alarni tonima.

Tiyrboroni balodin chun tanim bo'lmish zirih,

Yo'q, Navoiy, emdi andin g'am, tani uryonima.

  • Semantik izoh: