Alisher Navoiy korpusi

562

Halokingmen, chekib tig'i jafo o'lganni o'lturma

Chu ishqing o'rtadi hajr o'tidin, kuyganni kuydirma.

Meni devona chun tufrog'ing o'ldum, ey pariy paykar,

Jafo toshini majnun deb, bu tufrog' uzra yog'durma.

Ichib qonin tilar ko'nglum shikastin ko'zlaring, deykim,

Chu mayni no'sh qilding, shishasin, ey sho'x, sindurma.

Seni ko'rgachki faryod ayladim, beixtiyor erdim,

Yozuqdin ehtiroz aylab meni bu ishda yozg'urma.

Men ar zulmungdin o'ldum, lutf etarga oshiqing ko'ptur,

Alar birla o'zungni shod tut, holimg'a qayg'urma.

Chu men tufrog' bo'ldum ko'yida, ey sarsari hijron,

Esib ul yon damo-dam tufrog'imni bore sovurma.

Qotiqdur ishq, ul sho'x etsa jilva, boqma, ey oqil,

Ko'ngulni gar desang oldurmay, avval ko'zni oldurma.

Mayi la'lingdin ahli bazm usrukdurlar, ey soqiy,

Chu ichsang boda, mendin o'zgaga sog'arni topshurma.

Navo gar yetkurursen, sen bilursen tindurub elni,

Navoiyni jafoyu javr o'tidin bore tindurma.

  • Semantik izoh: