
Alisher Navoiy korpusi

572
Yo'l erur yuz manzil ortiq mendin ul qotilg'acha,
Yuz o'lum vahmi bu manzildin yana manzilg'acha.
Vahki, har mahfilda ishqim qissasidur, yo'lda ham,
Gar kishi azm etsa bu mahfildin ul mahfilg'acha.
Gar meni majnung'a tashbih etsangiz, ey ahli hush,
Ne tafovut bo'ldi, bas, devonadin oqilg'acha.
Vah, ne kofirdurki, nogah tig' tortib chiqsa mast,
Qatlining muhtoji bo'lg'ay shohdin soyilg'acha.
Ulki ashkim bahri to'fonida qoldi, yetmagay,
Nuh umri sursa jismi zavraqin sohilg'acha.
Tosh otib atfolkim, har yon surar men telbani,
Kosh bore qovsalar ul sho'xi sangindilg'acha.
Xo'blar zulmi ko'ngul mulkin xarob aylar, bale,
Ko'p tafovut keldi zolim shohdin odilg'acha.
Hajr dardi buylakim jondin malul etmish meni,
Farq o'lumdin yo'qturur bu umri behosilg'acha.
Ey Navoiy, ishq takmilinkim aylar piri dayr,
Gar kamol istarsen, o`zni tortqil komilg`acha.