
Alisher Navoiy korpusi

575
Zulm-u bedod aylab andoq buzmamish davron meni
Kim, topa olg'ay o'zi tuzmakka ham imkon meni.
Tuzmakimdin charx ojizdur, nedinkim qilmamish,
Lutfi tutqan chog'da obod etgudek vayron meni.
Kofiri ishq o'lmisham, tong yo'q, siyosatgoh sari,
Bo'ynuma zunnor bog'lab, cheksalar uryon meni.
Ashk mavjida ushalsa paykarim, vah, ne ajab
Kim, urar bir tog' uza har lahza ul to'fon meni.
Istadim ko'nglumga tig'in, g'arqa bo'ldum qonig'a,
Chun men aning qonig'a kirdim, tutubtur qon meni.
Ashk bahri igrimiga tushmamishmen chiqqudek,
Ishq ul daryoda qilmish asru sargardon meni.
Ko'p suubat birla olma xalq jonin, ey ajal,
Chunki men mushtoqmen, o'ltur kelib oson meni.
Toli'imning quvvatin ko'rkim, baliyat toshlari
Kimga ko'ktin insa, aylar yer bila yakson meni.
Ming balo zaxmi bila o'ldi Navoiy, qilsa xalq
Ishq sori mayl, sudrab ko'rguzur har yon meni.