Alisher Navoiy korpusi

585

Emas firoq tuni, ey ko'ngul, naqora uni,

Erur zamona uni holima firoq tuni.

Bu tiyra shomim ila Nahsi anjumin har yon

Firoq do'zaxining bil sharoraliq tutuni.

Ne nav' etay meni sargashta vasl yo'lin qat'

Ki har zamon sovurur hajr dashtining quyuni.

Tanimni za'f qilib subha toridek halqa,

Birin-birin ko'runub muhradek bo'g'un-bo'g'uni.

Firoqning o'ti gar bot tutashsa, tong ermas

Ki, ahli dard quruq jismidur aning o'tuni.

Hisob asradi din ahli qatlin ul kofir

Ki, behisobdurur zulfi torining tuguni.

Agarchi sarvg'a gul qildi bog'bon payvand

Va lek sarv qadi gulruxumcha yo'q yo'suni.

Ko'ngulni buzsayu sindursa ishq, bok ermas

Ki, xo'b emasturur aning tuzuklugu butuni.

Chu xirqam o'ldi garav mayg'a, kiyma bodafurush

Ki, dog'i hajr qo'yar har diram kebi yuruni.

Zamona ahlig'a garchi o'yunchiliqdur ish,

Yengar ham oxir alarni zamonaning o'yuni.

Navoiy olmadi ko'z anbarin hilolingdin,

Nedinkim ul tilabon ko'kta, yerda topti muni.

  • Semantik izoh: