Alisher Navoiy korpusi

614

Mening baxtim yuzi g'am kojidin ul kun qaro bo'ldi

Ki ko'nglum ul ko'zu, qoshi qarog'a mubtalo bo'ldi.

Qutulmish erdi oshig'liq balosidin ko'nglum, ketmish

Ul oy ko'yiga, bilmon, yona anga ne balo bo'ldi.

Qoshu kipriklaring ko'nglum uyin qildi kamonxona,

Aliflardin o'qu har na'l anga bir halqa yo bo'ldi.

Buzulg'an xasta ko'nglumdin o'qin zinhor chekmangkim,

Ul uyga bu sutun, ul notavong'a bu aso bo'ldi.

Labingg'a qaysi til birla fido dey xasta jonimni,

Anga jonim fidokim, joni la'lingg'a fido bo'ldi.

Ajab muhlik emasmu ishq dashti, ey musulmonlar

Ki bir mo'rig'a har kun tu'ma ikki ajdaho bo'ldi.

Fano istar esang, tut dayr piri ilgidin jome,

Nedinkim xonaqah shayxi ishi zarqu riyo bo'ldi.

Vujudum foniy aylab oldi din bir mug'bacha, tong yo'q,

Agar zunnor bog'lab, maskanim dayri fano bo'ldi.

Navoiy, g'ussadin maxlas tilarsen, mastu bexud bo'l

Ki, davron dardu ranjig'a davo bu bo'ldi, to bo'ldi.

  • Semantik izoh: