
Alisher Navoiy korpusi

621
Kimki bir ko'ngli buzug'ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron bo'lsa, obod aylagay.
Garchi xalq ozodasimen, yor agar bandam desa,
Andin ortuq anglakim, bir banda ozod aylagay.
Yordin har kimki bir so'z der, tuganmasdin burun,
Istaramkim, avvalidin yona bunyod aylagay.
Yor hijronidin o'lgumdur, bu nav' ermish sazo
Ul kishigakim, biravga o'zni mu'tod aylagay.
Necha sabr avroqi yozg'ay ko'nglumu bir oh ila
Sarsari ishqing yetib, borini barbod aylagay.
Shayxdin zuhdi riyoyi kasb o'lur, yo rab, qani
Dayr pirikim, fano rasmini irshod aylagay.
Odam avlodida kamdur odamiliq shevasi,
Odam ermas, ulki mayli odamizod aylagay.
Ne balodurkim, falak har kimga cheksa tig'i kin,
Yongilib avval mening jonimg'a bedod aylagay.
Besha ichra devlar maqtuli o'lsun, ey pariy,
Gar Navoiy yona azmi Astarobod aylagay.