
Alisher Navoiy korpusi

622
Tig'i hijroning kirib ko'nglumni g'amnok ayladi,
Ichkaridin ko'kragimni sar-basar chok ayladi.
Ayladi men zori mahzunni balovu javrkash,
Ulki dildorimni mundoq mastu bebok ayladi.
Husn aro ulkim nasibing qilmadi juz poklik,
Xotirim lavhini g'ayring naqshidin pok ayladi.
Zor jismim lam'ai husnungdin o'rtanmak ne tong,
Chunki ishq ul birni o't, bu birni xoshok ayladi.
Dam urub, gardimni yetkur ko'yiga, ey subhi vasl,
Kim tanimni hajr bepoyon tuni xok ayladi.
Ma'rifat naxlidin ul orif hamono topti bar
Kim tafakkur birla fahmi moarafnok ayladi.
Nosiho, ul husndin qilmas Navoiy man'ini,
Har kishikim ishq atvorini idrok ayladi.