
Alisher Navoiy korpusi

63
Xorlar bir gul g'amidinkim ko'ngulga butrashib,
Har biri mujgonining bir zaxmi ichra o'rnashib.
Yo rab, andin sa'broq holat bo'la olg'aymukim,
Ikki hamdam bir-biridin ayrilurda yig'lashib?
Bu uqubatqa talofiy hajr daf' o'lg'och budur
Kim, quchushqoylar alar bir-birga nogah uchrashib.
Istagaymu huri jannat yonida kavsar suyin,
Kimki yori birla bir kun boda ichti yondashib?
Sarvqaddim ishqidin ko'p to'lg'anib, men ko'rgali
Bog' arokim chiqti sarv-u ishqi pechon chirmashib.
O'lsa o'ldummu degay, ulkim sevar yori bila
Qolsalar xilvat aro, ag'yor har yon tarqashib.
Soqiyo, may birla sol jonimg'a andoq shu'lakim,
Ranj-u mehnat dudi chiqqaylar boshimdin to'lgashib.
G'am xazonida to'karmen ashklar, tortib g'irev,
Navbahor andoqki yog'qaylar bulutlar kukrashib.
Ey Navoiy, bevafo dahr ahlig'a indurma bosh
Kim, alar qoshida bosh indurgan el bo'ynin qashib