
Alisher Navoiy korpusi

631
O'qungkim jismi uryonimg'a yetti,
Tanimdin o'tmayin jonimg'a yetti.
Bulut gar zohir etti barq ila ra'd,
Qachon bu o'tlug' afg'onimg'a yetti.
Chamanda jilva aylab naxl, hosho
Kim ul sarvi xiromonimg'a yetti.
Qochib chiqsam, ne tong, g'am tog'i uzra,
Balo sayli chun vayronimg'a yetti.
Dedim, nevchun sabo keldi parishon?
Dedi, zulfi parishonimg'a yetti.
Bir o'qkim elga otti ul qoshi yo,
Yuz o'q bu joni qurbonimg'a yetti.
Navoiy, bag'rimu ko'nglum o'tidin
Tutashti, chunki bir yonimg'a yetti.