
Alisher Navoiy korpusi

633
Kelsa yoru bo'lmasa hamrah raqibi tiyraroy,
Qilmasa gard imtizoji obi hayvonimni loy.
Kelsa yoru hamrahi bo'lsa raqib, ozurdamen,
Kelmasa yoru raqibi kelsa sarvaqtimg'a, voy.
Yor chun yolg'uz qoshimg'a kelmaki mumkin emas,
Choraye yo'qtur, agar shabgun bulutdin chiqmas oy.
Gar ikovlon kelsalar ham bok emastur, negakim,
Bu bir etsa g'amfizoliq, ul bir o'lg'ay g'amzudoy.
Dahr bog'ida tikandin ayru chun gul butmadi,
Gar tikan jonkohdur, ammo erur gul jonfizoy.
Vasl sofi gar yo'q, ey soqiy, manga tut jur'aye,
To quyay bir dam baloyi hajrning ustiga loy.
Ey Navoiy, yuziga yuz surtmak qilma havas,
Qoni' o'l, bo'lsang eshiki tufrog'ig'a chehrasoy.