
Alisher Navoiy korpusi

648
Za'fliqdur, dedilar, ul buti mah siymoni,
Jon fido-yu tan anga sadqa, ko'ngul-qurboni.
Ulki jonimdurur, ul bo'lsa bu yanglig' ranjur,
Qayda bo'lg'ay meni bedilg'a hayot imkoni.
Ko'r nedek hullai gulrang uza yotmish bemor,
Yo erur davrida qatl aylagan elning qoni.
Do'stlar ollida otimni tuta olmasangiz,
Naqdi jonimni boshig'a evurung pinhoni.
Bargi gul uzra degay shahd yopushmish ko'rgan,
Buki tutmishdur uchuq ul labi shakkarxoni.
Sadaqa, chunki balolarni rad aylar, yo rab,
Jon anga sadqa qilay manga bag'ishla oni.
Ey Navoiy, yana dam urmakim, ul oy der emish,
Kim kecha uyquga qo'ymas meni it afg'oni.