
Alisher Navoiy korpusi

68
Javr o'qin xoki tanimg'a urma ko'p,
Ko'kka bu tufrog'ni sovurma ko'p.
Ishqdin bastur manga o'rtanmakim,
Hajr barqi birla ham kuydurma ko'p.
Yuziga, ey ko'z, chu yo'q tobi nazar,
Bas, aning sari boqib, telmurma ko'p.
No'shi la'lingdin agar jon istadim,
Bu gunoh uchun meni o'lturma ko'p.
Doimo rasmi muhabbat bor emish,
Bizni ushbu jurm chun yozg'urma ko'p.
Vaslg'a chun yo'q nihoyat juz firoq,
Bas, vafo ahlin qoshingdin surma ko'p.
Hech ish o'lmas ayr-u xoliq amridin,
Iltijo maxluqqa kelturma ko'p.
Ey gado, chun shay'alilloh deding, o't,
Aylabon ibrom boqib turma ko'p.
Tut gadolig'ni, Navoiy, mug'tanam,
Shohlar ollinda bosh indurma ko'p.