
Alisher Navoiy korpusi

82
Olami ishq ichra darding o'tdurur, hajring ham o't,
Dardi hajring so'zidin ko'nglumda olam-olam o't.
Dog'i ishqing uyladurkim hirqatin o'ksutkali,
Yoqsa bo'lg'ay ustiga oning nechukkim marham o't.
Ne haroratdur, mayi ishqingda tokim ichmisham,
Ko'kka dudimni chekar, ko'nglumga solib har dam o't.
Shu'laye tushmish firoqingdin hazin ko'nglumdakim,
Ashkdin to'ktim yeti daryo suyin, bo'lmas kam o't.
Vah, ne muhlik hol erur jonimg'a la'ling hajrida
Kim, solur daf'ig'a anfosi Masihi Maryam o't.
Bu kecha voqif bo'lung evlardin, ey hamsoyalar
Kim, manga tushmish firoq otashgahidin mahkam o't.
Hajr ko'nglum kishvarin bir o't bila kuydurdikim,
Qildi ishq ahlig'a dudidin savodi a'zam o't.
Dahr bo'stoni aro sunbul bila gul demakim,
Charx zulmi solmish anda dud birla darham o't.
Ey quyosh, naylab Navoiy kuymasinkim, bor anga
Ishqing o't, husnung ham o't, lutfung ham o't, qahring ham o't.