
Alisher Navoiy korpusi

85
Ko'yi gardidin ko'zumni avval, ey hamdam, yorut,
So'ngra marham aylabon ko'ksum shikofin dog'i tut
Gar unutti yor bu mahzunni, vahkim, ko'ngluma,
Bor ani har dam sog'indirmoq desam, sen ham unut.
Qadd-u ruxsoridin ayru dud-u o'tdur, ey rafiq,
Dema sarv-u gul bila bir lahza ko'nglungni ovut.
Zahri hajring birla chun yuz qatla qilding talxkom
No'shi la'ling birla ham bir qatla og'zimni chuchut.
Zulfi zanjiri jununum chorasidur, ey hakim,
Aqldinmu erdi bu devonag'a bermak o'gut.
Va'dai vasl ayladi ul oy, hamono kelgusi,
Tig'i hajridin shikof o'lg'on ko'ngul bu so'zga but.
Asru vahshiydur mening mushkin g'izolim, ey ko'ngul,
Chin kiyigi go'yiyo bermish anga tuqqonda sut.
Ey ko'ngul, davron elining tarki tut yo har nafas
Bag'ringga bir xanjari bedod yeb, xunoba yut.
Olam ahli, demangiz emdi Navoiykim, meni
Bir quyosh hajri havoni qilmish andoqkim bulut..