
Alisher Navoiy korpusi

86
Bahor el gulga moyil, bag'rima yuz xor har soat,
Yetib har xoridin ko'nglumga ming ozor har soat.
Bu aqshom notavon ko'nglumdin, ey ahbob, o'lung voqif
Ki, holidin borur za'f aylab ul bemor har soat.
Bo'lurmen uylakim, ko'rgan zamon vayron bo'lub ko'ngli
Boshimda yig'lag'ay ham yoru ham ag'yor har soat.
Emas vayronada har dam o'lardek holatim, vahkim
Turubtur boshima yemrulgali devor har soat.
Damo-dam za'fim andindurki, mujgoning xayolidin
Jarohatlig' ko'ngulga sanchilur bir xor har soat.
Jununum har dam afzun bo'lsa, ey hush ahli, tong yo'qkim,
Ko'zumga jilva aylar ul pariy ruxsor har soat.
Mayi la'lingg'a ne kayfiyat erdikim, nasimidin
Bo'lurlar mastu bexud yuz tuman hushyor har soat.
Bu bazm ichra ne amnu ayshkim, har davr ayog'inda
Yiqar bir notavonni gunbadi davvor har soat.
Fano dayrida gar may vajhi yo'q, bas xirqa-vu daftar,
Meni mayxonadin sudratma, ey xammor, har soat.
Agar boshimg'a yog'sa tosh gardundin, tong ermaskim,
Borurmen ul pariy ko'yiga Majnunvor har soat.
Navoiy, to jahon ahlig'a sen vobasta, ko'ngronma,
Alar javridin o'lsa xotiring afgor har soat.