
Alisher Navoiy korpusi

91
Va'dai vaslidin etsa ul so'zi shirin hadis,
Garchi yolg'on aytur, ani sog'inurmen chin hadis.
Istasam vaslini, der g'am tog'i qoz tirnog' ila,
Buyla hargiz qilmadi Farhod ila Shirin hadis.
Chunki har bir nukta dersen, sochilur yoqut-u la'l,
Olloh-Olloh, kim deb erkin bu sifat rangin hadis.
Bazmi ayshida hadisimni demang, ey do'stlar
Kim, erur g'am mujibi nekim qilur, g'amgin hadis.
Gar takallumdin o'lukni tirguzurlar xo'blar,
Barchasig'a mahvashim go'yo qilur talqin hadis.
Ishq sirrin sharh qilmoqdin chu qosirdur bayon,
Bas kerak oshiq demakni qilmasa oyin hadis.
Darsi ishqingni, Navoiy, uyla der ushshoq aro
Kim, degay ilm ahlig'a Sayyid Jamoliddin hadis