Alisher Navoiy korpusi

93

Telba ko'nglum po'yasig'a anbarin banding iloj,

Xasta jonim za'fig'a la'li shakarxanding iloj.

Solib erdi choklar bag'rimg'a tig'ing har taraf,

Bo'ldi mujgon o'qidin har sori payvanding iloj.

Muhlik o'ldi shavq, yo sur tig', yo qil jilvakim,

Bu ikidin o'zga topmas orzumanding iloj.

Hajr qatlidin meni tirguzdi la'li, ey Masih,

Ojiz erding, sen nafas asra, gar o'rganding iloj.

Yuz-u la'li hajridin bemor o'lubmen, ey hakim,

Umr zoye' qilma, qilmas chunki gulqanding iloj.

Dardi hajrim sa'b erur — kel, ey ajal, boshimg'akim,

Vasldin ayru emas ma'lum monanding iloj.

Ko'nglung, ey bulbulki, yuz parkand erur, gar kelsa gul,

Barg-bargidin topar parkand-parkanding iloj.

Murshidesen bas ajab, ey ishqkim, matlubning

Vaslidin ham istamas mehnatqa xursanding iloj.

Ul pariy hijronida bo'lg'on Navoiy nosihe,

Aylay olg'aymu junun mag'lubig'a panding iloj.

  • Semantik izoh: