Alisher Navoiy korpusi
96
Ko'zi qatl etti, ko'nglum ichra zulfi mubtalo bo'lg'ach
Ki, qush bismil uchundur, bastai domi balo bo'lg'ach.
Etib munglug' ko'ngul vaslig'a hech o'z holini bilmas,
Ajab ermas gado o'zni itursa, podsho ko'rgach.
Ne so'rdung bir yo'li nogah qorarg'an ro'zgorimni,
Bu hol o'ldi bir oy hijronidin shomim qora bo'lg'ach.
Qachon bo'ldung demang begona aql-u, hush-u taqvodin,
Muni so'rmog' ne hojat, ul parig'a oshno bo'lg'ach,
Maloyik xayli jonidin to'la bo'ldi falak javfi
Jahonda ul pari vaslig'a jon naqdi baho bo'lg'ach.
Ulusqa tiyri boroni baliyat yog'di, ul oyning
Sipohi husn aro mujgoni novak, qoshi yo bo'lg'ach.
Xijolatlar kelur Farhod-u Majnun ruhig'a har dam,
Mening ishqim so'zidin xalq ichinda mojaro bo'lg'ach.
Zamon ahli vafosizliq bila gar qildilar qatlim,
Farah topqay magar ruhum, alar da'bi vafo bo'lg'ach.
Chu ketti barg-u gul, bulbul navodin qoldi, ko'rgilkim
Navoiydek emish ul dog'i bebarg-u navo bo'lg'ach.