
Alisher Navoiy korpusi

97
Turra marg'ulin ochib ruxsori mah siymog'a soch,
Tun savodi anbarin mehri jahonorog'a soch. Sarvi gulro'yim qilur gulgashti gulzor, ey nasim
Dam-badam sarig', qizil gul, ul guli ra'nog'a soch.
Yig'lama, ey ko'zkim, ul oy bo'liptur mehmon,
Gar socharsen yuz guhar, ul gavhari yaktog'a soch.
Yordur sham'i shabistonim bu aqshom, ey sipehr,
Axtaringning durlarin bu bazmi mehrosog'a soch.
Tashnag'a ber fayz, ey abri karamkim, yo'q asig',
Gar suni yuz qatla daryodin olib, daryog'a soch.
Dayr aro din ahlining ko'ngliga zulfi bo'ldi qayd,
Bulajab zunnordur, ul dilbari tarsog'a soch.
Zuhd elin may birla rasvo aylading, ey mug'bacha,
Jur'aye ham netti rahm aylab meni rasvog'a soch.
Yo'q u dunyoda vafo, ey sarsari dashti fano,
Gardi nisyon sovurub, dunyo-vu mofihog'a soch.
Ey Navoiy, umri jovid aylar ersang orzu,
Bas hayoting naqdini ul la'li ruhafzog'a soch.