
Alisher Navoiy korpusi

98
To'lg'adi sabrim, qo'lin zohir qilib dildor kuch,
Garchi nozukdur va lekin bor anga bisyor kuch.
Ishq uylarni yiqar, oshiqqa kin qilmoq nedur,
Mo'r xaylig'a qachon pil aylamish izhor kuch.
Qosh agar budur, sening yoyingni chekmak sa'b erur,
Kimsa ilgida chu maqdur ermas ul miqdor kuch.
Ko'zlaring bedodi jon birla ko'ngulga tong emas,
Ne ajab, din ahlig'a gar ko'rguzur kuffor kuch.
Za'f aro ul ko'ydin sudrar qo'lum tortib raqib
Banddin oyirg'udekdur qilsa nohinjor kuch.
Soqiyo, men xastadin badmastlig' ermas ajab,
Ko'rguzur ko'prak zaif elga mayi xammor kuch.
Ishq aro andoq zabundurmenki, aylarlar manga
Ham gado, ham shoh kuch, ham yor-u ham ag'yor kuch.
Sog' ekanda hajr aro kuch birla o'zni asraram,
Lek may ichkanda aylar yig'lamoq bisyor kuch.
Kuch bila o'lturdi ul zolim Navoiy xastani,
Necha torta olg'ay oxir bir zaifi zor kuch.