
Alisher Navoiy korpusi

TIL KORPUSI NIMA?
Korpus (lotincha “tana” demakdir) elektron holda saqlanadigan til birliklari majmuasi bo‘lib, tilshunoslar uchun turli muammolarni hal etish manbasi, foydalanuvchilar uchun esa lingvodidaktik va ta’limiy ahamiyatga ega tizimdir. Korpus tilshunosligi kompyuter lingvistikasi zamirida shakllangan soha bo‘lib, uning obyekti tabiiy tildagi matnlar, predmeti esa til korpuslari hisoblanadi. Muayyan tilning deyarli barcha tipdagi matnlari bazasidan iborat, turli maqsadlar doirasida lingvistik izohlari bilan qayta ishlangan korpus turi Milliy til korpusi, muayyan maqsadga mo‘ljallangan maxsus korpuslar esa uning xususiy / tarkibiy turi hisoblanadi. Jumladan, aksentologik korpus, parallel korpus, mualliflik korpusi, gazetalar korpusi, ta’limiy korpus, badiiy matnlar korpusi va h.k.
Mualliflik korpusi muayyan bir muallif qalamiga mansub matnlar majmuasidan iborat tizim bo‘lib, asosan, yozuvchining yozish uslubi, asarlaridagi til, matn xususiyatlarini axborot texnologiyalari yordamida semantik tasniflab, tadqiq etishga asoslangan elektron shakdagi ma’lumotlar bazasi sanaladi. Mualliflik korpusining boshqa korpuslardan farqi uning bazasida muayyan bir muallif asarlari jamlanadi, matnlar qayta ishlanadi, grammatik va semantik teglanadi, qidiruv tizimi orqali muallifga tegishli materiallardan zaruriy ma’lumotlar, lingvistik ifodalar aniqlanadi, matnlar asosida statistik ma’lumotlar taqdim etiladi, metama’lumotlar aniq beriladi. Shunday qilib mualliflik korpusi keng imkoniyatli qidiruv tizimiga ega bo‘lib, muallif ijod qilgan barcha tur va janrdagi asarlar qamrab olinadigan, maxsus parametrlar asosida ham qidiruv imkoniyatiga ega, hajmi chegaralanmagan, muallif va uning ijodi bilan bog‘liq manbalarni qulay va tezkor olish mumkin bo‘lgan elektron ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
ALISHER NAVOIY MUALLIFLIK KORPUSINING DOLZARBLIGI
Bugungi kunda mualliflik korpuslarini yaratish, rivojlantirish zamonaviy korpus lingvistikasining eng ilg‘or yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mualliflik korpuslari yordamida hatto anonim ijod mahsullari mualliflarini aniqlash mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2019-yil 21-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmonida o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, o‘zbek tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini yaratish kabi vazifalar belgilab berilgan. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi”da belgilangan davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash ustuvor yo‘nalishidagi o‘zbek tiliga oid barcha ilmiy, nazariy va amaliy ma’lumotlarni o‘zida jamlagan elektron ko‘rinishdagi yirik resursni yaratish va o‘zbek tilini Internet jahon axborot tarmog‘ida ommalashtirish, unda munosib o‘rin egallashini ta’minlash vazifalarining ko‘rsatib berilishi bilan biz mutaxassislarga katta mas’uliyat bo‘ldi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash va ta’lim olayotgan o‘quvchi hamda talaba-yoshlarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish, ilmiy tadqiqot olib borayotgan tadqiqotchilar, ta’lim maskanlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarga lisoniy qatlami boy o‘zbek tilining XV asrdagi lisoniy imkoniyatlarini ochib berish va Alisher Navoiy ijodiy merosini jahon miqyosida targ‘ib etish, Milliy merosimizni zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimida keng qo‘llanishiga erishish, buning uchun ham ajdodlarimiz asarlarini yoshlar o‘rtasida targ‘ib etish, mumtoz adabiyot namunalarini o‘qishli va tushunarli tarzda tadqim etuvchi filologik korpuslarni yaratish, jumladan, Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish va buning uchun Navoiy ijodiy merosini semantik teglash muhim vazifadir. Shu bois dastlabki qadamda oʻrta ta’lim uchun chiqarilgan oʻquv adabiyotlarining aksariyatida Navoiyning “Xazoyin ul-ma’oniy” kulliyotidagi “Badoye’ ul-vasat”devonidan ijod namunalari tashkil etganligi bois oʻquvchilarni Alisher Navoiy ijodini oʻqib tushunish, Navoiyni anglash va oʻquvchilarni Navoiyga oshno etish maqsadida “Badoye’ ul-vasat”devonidagi 650 gʻazalning semantik teglari asosida Alisher Navoiy mualliflik korpusi yaratildi.
MAZKUR KORPUSNI YARATISH ZARURATI
Jahon filologiyasi va o‘zbek filologiyasida Alisher Navoiy ijodi, uning shaxsi, asarlarining tarjimasi borasida talaygina tadqiqot ishlari qilingan. Hozirgi kunga qadar Alisher Navoiy tarjimayi holi va uning asarlari matni jamlangan saytlar, turli mobil ilovalar va Navoiy asarlarining .pdf formatdagi asarlari, shuningdek, Alisher Navoiy asarlari tili boʻyicha yaratilgan bir qancha izohli lug‘atlar mavjud. Ammo bularning o‘zi Alisher Navoiy ijodini o‘rganish, uning so‘zligini tushunish, Navoiyni anglashga hozirgi davr o‘quvchisi uchun yetarli emas.
Jahon adabiyotshunosligida va axborot texnologiyalari sohasida Alisher Navoiyning hayoti va ijodi yoritilgan ma’lumotlar sayt sahifalarida yoritilgan. Biroq hozirgacha jahon tilshunosligida ham, adabiyotshunosligida ham Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratishga bo‘lgan ishlanmalar qilinmagan. Shu jihati bilan ham ushbu korpus innovatsion va amaliy ishlanmalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Hozirgi kunga qadar Alisher Navoiy tarjimayi holi va uning asarlari matni jamlangan saytlar, turli mobil ilovalar va Navoiy asarlarining .pdf formatdagi asarlari mavjud. Ammo bularning o‘zi Alisher Navoiy ijodini o‘rganish, uning so‘zligini tushunish, Navoiyni anglashga hozirgi davr o‘quvchisi uchun yetarli emas. Navoiy korpusida mazkur bo‘shliqni to‘ldirish uchun bugungi kunda o‘quvchi tushunishga qiynalgan izohtalab so‘zlar izohini joriy vaqtda bilish va shunday so‘zning misradagi ma’nosini anglashi uchun semantik teglangan baza zarur sanaladi.
ALISHER NAVOIY MUALLIFLIK KORPUSI SEMANTIK BAZASI
“Badoye’ ul-vasat” devonidagi 650 gʻazal, unda keltirilgan maqollar, iboralar, arxaizm, tarixiy soʻzlar, telmeh, tashbih, tanosib, irsoli masal kabi she’riy san’atlar semantik teglari asosida birinchi marta III Renessans davrida o‘rta maxsus va oliy ta’lim talabalari uchun yangi formatdagi Alisher Navoiy mualliflik korpusi yaratildi va foydalanuvchilarga qulaylik uchun korpusda qidiruv interfeysi ham ishlab chiqildi. Buning natijasida foydalanuvchilarda Navoiy ijodi, umuman, XV asr manbalari bilan mustaqil ishlash koʻnikmalarini rivojlantirish, o‘sha davr so‘zligini tushunish qobiliyatlarini rivojlantiriladi.
Navoiy ijodini oʻqishli jarayonga aylantirish, Navoiy falsafasini tushunish, XV asr tili grammatikasini oʻrganish va anglash uchun ham Navoiy asarlari matnini grammatik teglash zarurligi aniqlandi. Mualliflik korpusida Alisher Navoiy ijodining bebaho xazinasi bo‘lgan g‘azallari semantik teglanar ekan, ijodkor ifodalayotgan ma’rifiy-tarbiyaviy, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy masalalar mazmuni va ahamiyatini, janrda keltirilgan badiiy timsollar jilosi bilan birga foydalanilgan she’riy san’atlarning rang-barangligi, badiiy tasviri, mantiqiy asoslanishida ahamiyati benihoyadir. Alisher Navoiy MK uchun “Badoye’ ul-vasat” devonidagi 21226 ta izohtalab soʻz, 5 mingdan ortiq arxaizm, 170 istorizm, 43 ta maqol, 30 ta ibora, 236 ta talmeh san’atiga oid soʻzlar, 164 ta zid ma’noli soʻzlar (tazod), 806 ta tanosub, 124 ta tashbih she’riy san’atiga oid leksik birliklarning teglanishi Alisher Navoiy MK yaratilishiga asos boʻldi.
“Badoye’ ul-vasat” devonida g‘azallar 5001 bayt – 10002 misra, jami 66539 ta so‘zdan iborat bo‘lib, har bir gʻazal hajmi 6 baytdan 13 baytgacha: 6 baytli – 1 ta, 7 baytli – 437 ta, 8 baytli – 8 ta, 9 baytli – 187 ta, 10 baytli – 1 ta, 11 baytli – 14 ta, 12 baytli – 1 ta, 13 baytli – 1 tani tashkil etadi. Alisher Navoiy MKdagi bu kabi statistik tahlillar, muhim hisoblanib, foydalanuvchiga aniq hisobni beradi va ma’lumotlar bazasi ustida ishlash qamrovini koʻrsatadi.
Navoiy yaratgan hikmatli so‘z va iboralar xalq maqollariga aylanib ketgan bo‘lsa, obrazli badiiy iboralari xalqning o‘zbek tili frazeologiyasini boyitgan. Bunday birikma va iboralar orqali u ijtimoiy hayotdagi voqea – hodisalarining xalq donoligiga xos tipik xususiyatlarini umumlashtirib, qisqa, lo‘nda va mazmunli ifodalash imkoniyatlarini namoyon etgan “Badoye’ ul-vasat” devonidagi g‘azallariga mazmunan singdirilgan 50 dan ortiq maqol va xuddi shuncha turg‘un birikma (ibora)lar qatnashgan baytlar ilmiy tahlil qilinib, 5- rukn tarkibiga kiritildi.
Alisher Navoiy g‘azallarida uchraydigan izohtalab so‘zlarning semantik bazasi yaratilib, mualliflik korpusiga kiritilishi mumtoz adabiyotimizning nodir namunalarini puxta o‘rganishda, milliy ma’naviyatimizning rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. G‘azallarni semantik teglash jarayonida ayrim so‘zlarning o‘ndan ortiq ma’nolarini ifodalab kelishiga guvoh bo‘lamiz. Albatta, bunday polisemantiklik, Navoiyni so‘z mulkining sultoni ekanligidan dalolat beradi. Navoiy g‘azallarining ma’no va mag‘zini to‘laligicha his qilish, anglash, tushunish uchun g‘azal tarkibidagi har bir bayt va unda ishlatilgan har bir so‘zni ilmiy va badiiy tahlil qilish muhim ekan, “Sun’iy intellekt” rivojlanib borayotgan bugungi tezkor davrda Alisher Navoiy mualliflik korpusi muallif tilini komputer dasturlari yordamida tez va qulay anglashda yordam beradi, uning o‘qishliligini ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz: “Xazoyin ul-ma’oniy” kulliyoti “G‘aroyib us-sig‘ar” (“Yoshlik g‘aroyibotlari”), “Navodir ush-shabob” (“Yigitlik nodirlik (she’r)lari”), “Badoye’ ul-vasat” (“O‘rta yosh badialari”) va “Favoyid ul-kibar” (“Keksalik foydalari”) nomli devonlardan tarkib topgan mukammal yig‘ma devon. Xalq orasida “Chor devon” deb ham yuritiladi.
KORPUS TARKIBI
- Korpus 7 rukndan iborat bo‘ladi:
- 1-rukn: “Alisher Navoiy tarjimayi holi” bo‘limi mutafakkirning hayoti va ijodiy faoliyati haqida ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
- 2-rukn: Korpus bo‘yicha oddiy va maxsus qidiruv. Qidiruv sahifasiga kerakli izohtalab so‘z shakl yozilganda, mazkur so‘z qo‘llanilgan barcha g‘azal misralari qidiruv oynasida namoyon bo‘ladi. G‘azallardan istalgan biriga murojaat etilsa, g‘azallarning matnini va g‘azalga tegishli metama’lumotini o‘qish mumkin.
- 3-rukn: Alisher Navoiyga tegishli 8 ta devon matnlari (muxlislari tomonidan tuzilgan “Ilk devon” bilan birga).
- 4-rukn: Alisher Navoiyga tegishli asarlar (qasidalari; ilmiy, badiiy, tazkira, tarixiy, diniy mavzularda yozilgan) jamlangan bo‘lib, bundan ma’lumotlar bazasi sifatida foydalanish mumkin.
- 5-rukn: “Badoye’ ul-vasat”devonidagi 650 gʻazal va she’riy san’atlar semantik teglangan holda foydalanuvchiga taqdim etiladi.
- 6-rukn: Alisher Navoiy korpusi haqida.
- 7-rukn: Mazkur korpusga oid tadqiqot natijalari.
Yaratilgan korpus mutaxassislar uchun ma’naviy ehtiyojni qondirish manbasi, ta’lim bosqichlarida o‘quv materiali, sohalarga oid ma’lumotlar manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Alisher Navoiy mualliflik korpusi ta’limiy, tarixiy, lingvistik, ijtimoiy, tarbiyaviy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu korpusni yaratish natijasida quyidagi imkoniyatlar yuzaga keladi:
- Navoiy shaxsini o‘rganish;
- adib uslubini tadqiq etish;
- shoir ijodini lingvopoetik tahlil qilish;
- ijodkorning so‘z qo‘llash imkoniyati va mahoratini tadqiq etish;
- mualliflik lug‘atlarini yaratish;
- mualliflik iboralarini jamlash;
- MKdagi ijodkor shaxsi va uslubini namoyon etuvchi parametrlar orqali anonim asarlar muallifini topish;
- mualliflik parafraza, parema, hikmatlarini jamlash; tasviriy ifodalarning qo‘llanilish ko‘lamini ijodkor kontekstidan aniqlash mumkin bo‘ladi.
ALISHER NAVOIY MUALLIFLIK KORPUSINING TARIXIY AHAMIYATI
Navoiy g‘azallarida tarixiy, adabiy, mifik shaxslar, geografik va etnik joy nomlari ishtirok etgan baytlar juda ko‘p uchraydi, bu badiiy nuqtayi nazardan talmeh san’atini yuzaga keltiradi, eng asosiysi, o‘quvchi baytdagi izohtalab so‘zlarning mazmunini aniqlash jarayonida tarixiy, badiiy shaxslar va geografik, etnik joy nomlari haqida ham ma’lumotga ega bo‘ladi. Masalan, “Badoye’ ul-vasat” devonidagi g‘azallarda “kavsar” so‘ziga 23 marta murojaat qilgan bo‘lib, bu so‘z moddiy va ma’naviy to‘qlik ma’nolarini ifodalaydi:
Alisher Navoiy mualliflik korpusiga kiritilgan talmeh she’riy san’ati orqali keltirilgan tarixiy shaxslar, aziz avliyolar va tarixiy joylar, mashhur maskan nomlarining semantik teglanishi natijasida o‘quvchilarda moziydagi mashhur shaxslar, ilohiy kitoblarda keltirilgan payg‘ambarlar, to‘qima obrazlar, muqaddas qadamjolar, asar nomlari borasidagi bilimlari shakllantiradi va rivojlantiradi.
ALISHER NAVOIY MUALLIFLIK KORPUSINING LINGVISTIK AHAMIYATI
Mualliflik korpusida muallif tilini to‘liq, batafsil, obyektiv ko‘rsatish imkoniyati bor, shuning uchun bunday korpuslar boshqa axborot bankidan afzalligi bilan ajralib turadi. Korpus turli xildagi tadqiqot uchun asos, manba, vosita vazifasini o‘tay oladi. Bunday korpuslarning afzalligi yana shundaki, ular yordamida nafaqat biron bir so‘z yoki jumlaning, balki butun boshli asar tillarini bilish imkoniyati mavjud. Mualliflik korpuslaridagi ma’lumotlarning ilmiy manbalar asosida tahrir qilinganligi, unda berilgan ma’lumotlarning aniqliligi va ishonchliligini kafolatlaydi hamda lingvistik hodisalarning butun spektrini to‘liq aks ettirishi bilan ularni har tomonlama va obyektiv o‘rganishga imkon beradi.
Navoiy mualliflik korpusidan mutafakkir so‘z birliklarining barcha lingvistik xususiyatlari, undagi o‘zgarishlar – o‘sha davr nuqtayi nazarida tildagi yangilanish va bugungi ijtimoiy hayotda so‘zlarning iste’moldan chiqishi, faollashish va passivlashish holatlari hamda lingvistik hodisalari haqida tezkor, aniq va to‘liq ma‘lumotni oladi, osonlik bilan turli tipdagi katta hajmli lug‘atlar tuzish, matnlarga avtomatik ishlov berish imkoniyatini yaratadi. Mualliflik korpuslaridagi ma’lumotlarning ilmiy manbalar asosida tahrir qilinganligi, unda berilgan ma’lumotlarning aniqliligi va ishonchliligini kafolatlaydi hamda lingvistik hodisalarning butun spektrini to‘liq aks ettirishi bilan ularni har tomonlama va obyektiv o‘rganishga imkon beradi. Katta hajmdagi ma’naviy xazina joylashgan korpusdan tilshunoslikning qiyosiy-tarixiy va chog‘ishtirma-tipologik tadqiqotlarda, leksikografik izlanishlarni olib borishda, Alisher Navoiy asarlari yordamida XV asr chastotali lug‘atlarini yaratishda, istorizm va arxaizmlarni jamlashda, so‘zlar etimologiyasiga oid tadqiqotlarni olib borishda, bugungi zamon o‘quvchisi tushunishi qiyin bo‘lgan so‘zlar izohini korpusda taqdim etilgan kontekstual misollar massivi yordamida tushunish, uning semantik izohini topish kabi ko‘plab lingvistik imkoniyatlarni beradi. Bu esa auditoriya yoshidan qat’i nazar mumtoz adabiyotimizga qiziquvchilar, Navoiy davri tilini tushunuvchilar va uning asarlarini mutolaa qilib, Navoiy ma’naviy xazinasidan bahramand bo‘luvchilar safining oshishiga xizmat qiladi. Mualliflik korpusining lingvistik asosi “so‘z – leksemadan uning mazmuniga qarab borish” hisoblanadi. Bunda tarjima tilning morfologik, sintaktik va semantik tahlili, lug‘atlar, grammatik qoidalar, matnlar korpusiga asoslanib amalga oshiriladi.
ALISHER NAVOIY MUALLIFLIK KORPUSINING TA’LIMIY AHAMIYATI
Muallifli korpusi ta’lim jarayonida muallif asarlarining ta’limiy, ijtimoiy, tarixiy, lingvodidaktik, ahamiyatini yoritib berishda, muallif asarlarida qo‘llanilgan so‘zlarning dialektal xususiyatlarini tasniflashda, Milliy tilning semantik xususiyatlarini o‘rganishda muhim sanaladi. XV asr til uslubini bugungi tilga qiyosan o‘quvchilarga o‘rgatish mumkin. Badiiy matnlarning statistik tahlili natijasida matnda tez-tez qo‘llaniluvchi til birliklari (otlar, sifatlar, kalit so‘zlar, fe’llar, grammatik shakllar, jumla qurilishi, bir so‘z bilan aytganda, yozuvchining uslubini ko‘rsatuvchi vositalar) lingvostatistik tahlil yordamida aniqlanadi. Turli matnlardan olingan dalillarning qiyosiy tahlili bizga o‘sha matnning mazmun-mundarijasini, matn tuzilgan davrni, dalillarni argumentlash xarakterini va hatto mualliflikni aniqlashga imkon beradi. Alisher Navoiyning hayoti va ijodi umumta’lim maktablarining barcha bosqichlarida o‘rganilishi mutafakkir mualliflik korpusidan keng ma’noda foydalanilishi bilan Alisher Navoiy MKning ta’limiy ahamiyatini yanada oshiradi. Mazkur korpus ta’lim jarayonida o‘quv materialini tayyorlashda qulay axborot manbayi vazifasini bajaradi, o‘qituvchi o‘quv mashg‘uloti uchun tez fursatda serqirra, mazmunli, ishonchli, o‘quv materialini tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
ALISHER NAVOIY MUALLIFLIK KORPUSINING IJTIMOIY AHAMIYATI
Mualliflik korpuslari o‘quvchilarning izlanuvchanlik salohiyatini o‘stirib, kichik tadqiqotlarni ishonchli dalillar asosida bajarishiga imkon beradi. Ta’kidlash joizki, mualliflik korpuslarining ijtimoiy ahamiyati – keng qamrovli hisoblanib, undan lingvistik, etnopsixolingvistik tadqiqotlarda, ona tili, adabiyot, xorijiy til ta’limida, matnga avtomatik ishlov berish, tarjima dasturlarini tuzishda foydalanish mumkin.
Mualliflik korpuslari tilning lug‘at boyligida bo‘layotgan o‘zgarishlar (neologizm, istorizm, arxaizm hodisalari)ni kuzatishning eng qulay vositasi hamdir. Muallif qo‘llagan so‘zlarning leksik-semantik birikish imkoniyatini tahlil qilish jarayonida qadimiy va yangi avlod lug‘ati, grammatikasini taqqoslash imkoniyati kengayadi. Mualliflik korpusi vositasida muallif so‘zining serqirraligi, bir paytning o‘zida bir necha semantik kategoriyaga mansub bo‘la olish imkoniyatlarini farqlashda amaliy yordam beradi. Mualliflik korpuslari orqali shoirning lisoniy qarashlari bilan bir qatorda, ijtimoiy sohalarga munosabatini, siyosiy masalalarga qarashlarini ham bilish imkoniyati bo‘ladi.
ALISHER NAVOIY MUALLIFLIK KORPUSINING TARBIYAVIY AHAMIYATI
Ma’naviy merosimizni asrab-avaylash, ajdodlar ruhini ulug‘lash ko‘nikmalarini shakllantirish, mutolaa madaniyatini oshirish natijasida teran fikrga ega bo‘lish, tafakkurni kengaytirishga erishiladi.
FOYDALANILGAN ASOSIY LUG‘ATLAR
Alisher Navoiy mualliflik korpusi muallif g‘azallariga tegishli minglab leksemalarni o‘z ichiga oladi, korpusga jamlangan matnlarni semantik teglash – izohtalab so‘zlarning leksik ma’nolari berish o‘quvchiga so‘zning kontekstual ma’nosini tez va oson anglash, turli so‘z birikmalarining leksik muvofiqligi, ularning kombinatorlik qobiliyatini tahlil qilish, ma’lum bir sintaktik konstruksiyani qabul qilish/qilmasligini aniqlashga imkon beradi.
“Badoye’ ul-vasat” devonidagi g‘azallarda izohtalab so‘zlarning hozirgi leksik ma’nosini izohlashda P.Shamsiyev va S.Ibrohimovlarning “Navoiy asarlari tili”, E.Fozilov tahriri ostidagi 4 jildli “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”, Yu.Berdakning “Navoiy tili lug‘ati” va “Mumtoz adabiy asarlar lug‘ati” hamda Х.Muhammadning “Alisher Navoiy asarlari lug‘ati”dan foydalanildi.
ALISHER NAVOIY MUALLIFLIK KORPUSI REPREZENTATSIYASI
Reprezentativlik matn haqidagi barcha ma’lumotlarning berilganligi demakdir. Reprezentatsiyalangan matnlar o‘zining manbasi, uslubi, yozilish davri, muallifi, auditoriya yoshi, matn tipi kabi ma’lumotlari aniq ko‘rsatilgan bo‘ladi. “Badoye’ ul-vasat” devoni asosida yaratilgan mualliflik korpusida devonda mavjud 650 g‘azal alohida reprezentatsiya qilindi. Har bir g‘azalning mazmuniga (oshiqona, orifona, rindona), auditoriya yoshiga (15+ - 18+), g‘azalda ishlatilgan so‘zshakllar miqdoriga ko‘ra jami 20 turdagi metama’lumotlar shakllantirildi.
Alisher Navoiyning “Badoye’ ul-vasat” devoni g‘azallarining metama’lumotiga quyidagilar kiradi:
1) asar nomi (“Badoye’ ul-vasat”);
2) muallifi (Alisher Navoiy);
3) muallif jinsi (erkak);
4) muallifning tug‘ilgan yili (1441-yil, 9-fevral);
5) muallifning vafot etgan yili (1501-yil, 3-yanvar);
6) devon tuzilgan vaqt (1492-1498 yillar);
7) nashr yili (2011-yil);
8) nashr parametri(adadi);
9) nashriyoti (“Tamaddun” MChJ nashriyoti);
10) qo‘llanish sohasi (adabiyotshunoslik);
11) adabiy turi (lirik);
12) janri (g‘azal);
13) voqeya vaqti va joyi (Hirot);
14) matn uslubi (badiiy);
15) matn tipi (orifona, oshiqona, rindona);
16) auditoriya yoshi (15+,18+ yosh);>
17) auditoriyaning salohiyati (keng omma uchun);
18) ichki korpus turi (mualliflik);
19) so‘zshakl miqdori (66 539);
20) teglovchi (G‘ulomova N.)
Kelajakda Alisher Navoiy mualliflik korpusi mutafakkirning ijodiga tegishli nasr va nazmda yozilgan barcha devonlari, ilmiy, tarixiy, falsafiy, diniy asarlarining korpus birliklari sifatida qamrab olinishi maqsad qilingan
KORPUSNING DASTURIY TA’MINOTI
Korpus o‘zining zamonaviy ma’nosida kompyuterdagi ishonchli ma’lumotlar bazasi bo‘lib, uni yaratish jarayonida maxsus dasturlardan foydalaniladi. Alisher Navoiy g‘azallari mualliflik korpusining dizaynini yaratishda HTML, CSS, JS, dasturlash tillari, Bootstrap5, JQUERY dizayn frameworklaridan foydalanildi. Python dasturlash tili hamda Django frameworki orqali Alisher Navoiy korpusidagi umumiy va maxsus qidiruv qismi, g‘azallardagi izohtalab so‘zlar ustiga bosilganda semantik tegining ekranda namoyon bo‘lishini ta’minlaydi. Interfeys – bu korpus haqidagi birinchi taassurot hisoblanganligi uchun, uning mukammalligini, o‘ziga xos dizaynda yaratishni ta’minlash o‘ta muhim jarayon. Alisher Navoiy mualliflik korpusi interfeysini tuzishda milliy va shu bilan birga, zamonaviy xususiyatlar hisobga olindi.
KORPUS FOYDALANUVCHILARI
Korpusdan nafaqat adabiyotshunoslar va tilshunoslar, balki barcha soha vakillari, shuningdek, abituriyent va tadqiqotchilar, Alisher Navoiy shaxsi va ijodiga qiziquvchi xorijliklar ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘zbek kompyuter va korpus lingvistikasini targ‘ib etish hamda rivojlantirishga, ta’lim jarayoni va tadqiqot ishlarini yuksaltirishga, barcha yoshdagi mutaxassislarning ta’limiy ehtiyojini qondirishga, so‘z boyligi hamda savodxonlikni oshirishga qaratilgan zamonaviy mualliflik korpusi yaratilib, amaliyotga tatbiq etildi.
Abjalova Manzura Abdurashetovna,
filologiya fanlari doktori(DSc),
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi dotsent v.b.
E-pochta: abjalovamanzura@navoiy-uni.uz
ORCID: 0000-0002-1927-2669
G‘ulomova Nargiza Sa’dullayevna,
ToshDO‘TAU mustaqil izlanuvchisi
Navoiy viloyat XTXQTMOHM Tillarni o‘qitish metodikasi
kafedrasi katta o‘qituvchisi.
E-pochta: gulomovamoi@mail.ru
ORCID: 0000-0002-7716-1799