Alisher Navoiy korpusi
"Badoye` ul-vasat" devoni g`azallarida uchraydigan xalq maqollari
Sovug’ ohekim chekarmen, garm o‘lur olmoqqa ashk, Chashmalarda su bo‘lur issig‘, havo bo‘lg‘ach sovuq. (319-g‘azal, 2-bayt)
“Havo sovusa, suv issiq bo‘lur”.
Tig‘i zaxmin bog‘lasa ahbob, g‘am yo‘q, ey ko‘ngul, Bir eshik bog‘lansa ishq ichra, ochilg‘ay yuz eshik. (326-g‘azal, 4-bayt)
“Bir eshik yopilsa, yuz eshik ochiladi”, “Izlagan imkon topar”
Yor uydin chiqmasa, olam ko‘zumga tiyradur, Chun quyosh chiqmas, jahondin murtafi’ bo‘lmas zulam. (397-g‘azal, 2-bayt)
“Qorong‘ulik ko‘tarilmay quyosh chiqmas”.
Ne yanglig‘ yoshuray hijron g‘aminkim, fosh etar har dam Og‘izdin shu’laliq ohim, nazardin ashksiz qonim. (402-g‘azal, 3-bayt)
“Kasalini yashirsang isitmasi oshkor qilur”.
Ne yanglig‘ ul quyosh ko‘yiga yolg‘uz azm qilg‘aymen, Ki bo‘lmoq istamon ul yon borurg‘a soya hamrohim? (403-g‘azal, 2-bayt)
“Nur borki, soya bor”.
Xizrvash xat birla chun husnung samandin surgasen, Yuz Sikandarni sug‘a eltib, susiz kelturgasen. (447-g‘azal, 1-bayt)
“Suv bo‘yiga etib, sug‘ormay keltiradi”.